25/07/2024
Mr. & Mrs. Abyuzer
Abyuz munosabatlar insoniyatda doim bor va ko’pchilik bunday munosabatlardan aziyat chekadi. Masalan, abyuzer er va qurbon xotin, yoki abyuzer xotin va qurbon er, abyuzer ota va qurbon farzand va xuddi shu kabi bu ro’yxat juda uzoq davom etishi mumkin. Lekin bunday munosabatda bo’lishni insonlar o’zi istaydi, chunki u qurbon rolida bo’ladi va u azoblanganda odamlar unga rahm qilsa, aynan shu jarayonda ular o’zlarini yaxshi his qiladilar va energiya oladilar.
Bizda faqat erlar abyuzer bo’ladi deb o’ylashadi. Lekin abyuzer aktiv va passiv bo’ladi ya’ni kimdir ko’rinadigan darajada ozor bersa, kimdir ko’rinmaydigan manipulyatsiyalar orqali sizga ozor beradi.
Turmushga chiqayotgan qizlar, sizga maslahatim abyuzer erkakni tanib oling!
Abyuzer insonlar boshida sizga juda yaxshi munosabat qiladi. Uni sevmasdan iloji yo’q, romantikani qoyillatadi, sizga o’ta mehr beradi. Keyin esa sizni sekin-sekin atrofdagi bor tanishlaringiz va ishlaringizdan uzoqlashtirib boradi va faqat o’ziga bog’lab qo’yadi. Hamma narsa bosh aylantiradigan daraja yoqimli bo’lganda va siz sevgidan mast bo’lgan holatda u janjal qidirishni, masalan nojo’ya rashk qilishni boshlaydi. Katta janjal bo’ladi, sizga ham ruhan, ham jismonan ozor beradi. Katta janjallardan keyin esa, u sizga yana shunchalik mehr beradiki, siz bu mehrni olish uchun o’zingiz ham janjalga ruhan tayyor bo’lasiz.
Bu narsa agar hayot tarziga aylanib borsa, bu sizga og’ir oqibatlarga olib keladi va sog’lig’ingizda ham, ruhiyatingizda ham katta muammolar kelib chiqishiga sabab bo’ladi.